Nimaga reklamangiz hech nima sotmayapti?
Marketing va reklama nima ekanligi va uning nimaga xizmat qilishi kerakligini tushunmaydiganlar uchun masalaning mohiyatini yoritamiz. To‘g‘ri marketing potentsial mijozlarni xarid qilishga, sizning mahsulotlaringiz va xizmatlaringizga qiziqtirishga va ularni to‘g‘ri qaror qabul qilishga undashga xizmat qiladi.
Samarali markteing uchta o‘ta muhim qadamdan iborat bo‘ladi:
– to‘g‘ri bozor;
– to‘g‘ri xabar (aniq bozorning ehtiyojlaridan kelib chiqib);
– sizning xabaringizni ushbu bozorga yetkazishning to‘g‘ri usuli (to‘g‘ri media).
Samarali marketing va tegishlicha har bitta doimiy foyda keltiradigan samarali reklama kampaniyasi uchun uchala elementning to‘g‘ri jamlanmasi shartdir.
Biznes egasi navbatdagi inqirozga tushib qolganida uning kallasiga keladigan fikr – bu reklamani ko‘paytirish bo‘ladi: “Qayerdan yangi mijozlar topsa bo‘ladi? Kontekst reklamani Yandeksda bersammi yoki Googledami? Gazetalarga reklama bersammikan? Butun tumanga flayerlar tarqatib chiqsamchi? Balki metroda reklamani sotib olsammikan?”
Ko‘pchilik biznesmenlar yo‘l qo‘yadigan eng katta xato – bu ularning mediani (ya’ni potentsial mijozlarga o‘z axborotini yetkazish usulini) tanlashga 90% kuchlarini tashlashlaridir.
Bu holatda xo‘jayin reklama bermoqchi bo‘lganligi uchungina katta pullar bekorga havoga yuboriladi. Shunchaki ko‘proq mijozlar kerak bo‘lgani uchun. Ushbu sababning o‘zi reklama berish uchun eng samarasiz sabablardan biridir.
Reklama kampaniyasini boshlash uchun eng yaxshi sabab – bu to‘g‘ri xabardir. Reklamani mijozlarga aytadigan gapingiz bo‘lganida boshlashingiz kerak. Ushbu xabaringizda uni kompaniyangiz barcha yo‘nalishlar bo‘yicha tarqatishi kerak bo‘lgan UST – unikal savdo taklifi – yashiringan bo‘ladi.
Sizning firmangiz, mahsulotingiz, xizmatlaringiz, xariddan keyingi servisingizning butun ma’nosi bitta savolga beradigan yorqin javobingizda aks etishi kerak:
Nimaga mijoz birorta raqobatchingizdan emas, aynan sizdan sotib olishi kerak? Nimaga u pullarini tejab, o‘tib ketishi emas, aynan hozir sotib olishi kerak?
Eng qizig‘i, ko‘pchilik biznesmenlar ushbu savolga javob bera olishmaydi. Shuning uchun ham ularning reklamalari hech nimani sota olmaydi.
Samarali reklamaning 10 printsipi
Butun dunyoga aytishingiz mumkin bo‘lgan narsangiz bo‘lsin yoki ovozingizni chiqarmang. Reklama efiri shundog‘am hech kimga kerakmas millionlagan reklama xabarlari bilan to‘lib-toshgan.
Ikki qadamli sotuvlar uchun o‘z axborot mahsulotingizni (seminar, kurs, buklet, broshyura va boshqalarni) yarating. Nima sotishingizdan qat’iy nazar. Siz odamlarni o‘zingizning mahsulotlaringiz va xizmatlaringizdan samarali foydalanishining qanchalik kerakligi va muhimligiga qancha ko‘p o‘rgatsangiz, shunchalik ko‘p sotasiz.
Buning ustiga siz o‘z mahsulotingizdan maqsadli auditoriyaning reaktsiyasini yuzaga keltirish uchun foydalanishingiz mumkin. O‘ziga jalb qiluvchi va qimmatli axborot evaziga har bitta mijozning kontaktini olishingiz va ushbu axborotda yashirin sotuvchi xatni joylashtirishingiz mumkin. Buni ular mazza qilib o‘qishadi va sizdan nimanidir sotib olishadi.
Hatto siz yirik korporatsiyalarga oddiy va zerikarli narsalarni sotayotgan bo‘lsangiz ham ularni mantiqqa emas hissiyotlarga asoslanib soting.
To‘g‘ri kopirayting o‘ta muhim. Uzun sotuvchi tekstlar hamisha qisqalariga nisbatan yaxshi sotishadi. Chunki ular yuzma-yuz savdoning o‘rnini bosishadi.
Hech qachon brend reklamasi uchun to‘lamang. Har bitta reklama sotishi kerak. Har bitta reklamadan kelgan kishilar soni hisoblanishi va baholanishi kerak. Agar buni qilishning iloji bo‘lmasa – reklama qilishning boshqa yo‘llarini qidiring.
Tarmoq qancha keng bo‘lsa – uning teshiklari ham shuncha ko‘p bo‘ladi. Agar siz hamma uchun o‘ziga jalb qiladigan bo‘lishni istasangiz, hech kimni jalb qila olmaysiz.
Hech qachon tavakkal ish qilmang. Nima demoqchi va qayerda reklama berishni hal qilishdan oldin u aynan kimga mo‘ljallanganligini aniqlab oling.
Ideal mijozlarning kichik guruhini jalb qilishning eng yaxshi usuli – bu boshqa hammani qo‘rqitishdir. Istalmagan mijozlarni qo‘rqitish maqsadli auditoriyani jalb qilishga uyalib harakat qilishga qaraganda ancha yaxshi ish beradi.
Siz biznesni o‘z qoidalaringiz bo‘yicha qurishingiz kerak. Bu sizning biznesingiz. Shunday ekan uni tegishli tarzda quring! Agar siz o‘zingiz yo‘lga qo‘ygan qoidalaringizga o‘zingiz ham amal qilsangiz, mijozlaringiz ham xodimlaringiz ham aynan siz bilan ishlashni afzal bilishadi.
Biznesda eng asosiysi — natijadir. Jarayonlar – ikkinchi darajali. Agar sizning qilayotgan ishingiz xodimlaringiz, raqobatchilaringiz, mijozlaringiz, do‘stlaringiz va yaqinlaringizning jahlini chiqarayotgan, lekin sizga keraklini natijalarni berayotgan bo‘lsa, demak siz to‘g‘ri yo‘ldasiz. Boshqa hammasi – kimningdir shaxsiy fikridir.