NASRIDDIN AFANDI
NASRIDDIN AFANDI 0‘zbek xalq og‘zaki ijodining el orasida keng tarqalgan latifa janri qahramoni Nasriddin Afandidir.
Bu quvnoq, hozirjavob, topqir qahramonning nomini eshitishi bilanoq kishi bir jilmayib qo’yadi. Bu bejiz emas. Nasriddin Afandi hal eta olmaydigan birorta muammo yo‘q.
U har qanday mushkullikka bir zumda iloj topadi.
Nasriddin Afandining donishmandligi haqidagi latifalar ming yillardan beri xalqlardan-xalqlarga, tillardan-tillarga o’tib, tobora sayqallanib, o‘tkirlashib bordi.
Ezilgan xalq zulmkor xon va vazirlarga, hiylagar boy va savdogarlarga, tovlamachi domla-imomlarga o‘zining oqil qahramonini zid qo‘yib, ularga
qarshi kurashib keldi. Nasriddin hamisha oddiy kishilar orasida yurib, adolatni, haqiqatni himoya qildi, amaldorlarning qing’ir ishlarini fosh etdi, ularni masxaraladi, har qancha mehnat qilgani bilan egni but, qorni to‘q bo’lmagan kambag‘allarning orzu va intilishlarini himoya qildi.
Nasriddin Afandini nafaqat o‘zbeklar, balki 0‘rta Osiyo, butun Sharq mamlakatlari xalqlari ham yaxshi bilishadi. Nasriddin Afandi ularning ham sevimli qahramoni.
Lekin u turli xalqlar orasida har xil nomlar bilan ataladi. Masalan, tojiklarda Mushfiqiy, qozoq va qirg‘izlarda Aldarko‘sa, Xo‘ja Nosir, turkmanlarda Mirali, ozarbayjonlarda Mulla Nasriddin, turklarda Xoja Nasriddin, tatarlarda Ahmadakay kabi nomlar bilan mashhur.
Nasriddin Afandi bir latifada hazil-mutoyibaga boy, jonli so‘z o‘yini orqali mamlakatning podshosini eshakka tenglashtirsa, boshqa bir latifada «dunyoda hech kim meni aldayolmaydi», — degan maqtanchoq bolakayni osongina aldab, ta’zirini beradi, yana bir o‘rinda ziqna boyni laqillatib ketadi.
Nasriddin Afandi hamisha oddiy kishilarning dilidagi orzu- niyatlarini, armonlarini ifodalagani uchun ham yig‘inlarda tez-tez ishtirok etib, gurr-gurr kulgiga sabab bo’ladi.
Xalq orasida tildan-tilga ko’chib aytib kelingan latifalarning ko’pi to‘planib, nashr etilgan.
Nasriddin Afandi haqida «Nasriddinning yoshligi» dramasi, «Nasriddin Xo‘jandda», «Nasriddin Buxoroda», «Xo‘ja
Nasriddin sarguzashtlari», «Nasriddinning o‘n ikki qabri», «Afandining beshinchi xotini» filmlari, «Xo‘ja
Nasriddin» operettasi, «Nasriddin afandi» musiqali komediyasi, shuningdek, tasviriy san’at, haykaltaroshlik asarlari yaratilgan. Buxoro va Toshkentda Nasriddin Afandiga haykal o‘rnatilgan.