KIMYOVIY REAKSIYALAR
KIMYOVIY REAKSIYALAR Olamda har bir daqiqada son-sanoqsiz jarayonlar sodir bo‘lib turadiki, bu jarayonlar kimyoviy reaksiyalar deb ataladi.
Achchiq choyga bir parrak limon tashlasangiz, choyning rangi oqaradi. Gugurt cho‘pini yoqsangiz, uning boshchasi ravshan alangalanib yonadi. Bir tomchi yodni Kesilgan kartoshka pallasiga tomizsangiz, darhol ko‘k rangli dog‘ paydo bo’ladi.
Bir turdagi moddalar tarkibi va xossalari jihatidan boshqacha bo’lgan ikkinchi xildagi moddalarga aylanadi.
Bularning hammasi kimyoviy reaksiyalardir.
Ular ikki yoki bir necha modda bir-biri bilan o’zaro ta’sirlashib yangi modda hosil qilishida har doim bo’lib o‘tadi.
Ba’zi reaksiyalar biz uchun bilinmaydi, boshqa bir reaksiyalarni esa bemalol ko’rish mumkin. Juda sekin va juda tez kechadigan kimyoviy reaksiyalar mavjud. Portlash — shiddatli o’tadigan reaksiya namunasi. Bunda qattiq yoki suyuq moddalar bir zumda gaz hosil qilib parchalanadi.
Po‘lat plastinka uzoq vaqtgacha o‘z yaltirog’ini yo’qotmaydi, lekin vaqt o’tishi bilan unda zang paydo bo’ladi.
Kimyogarlar bu jarayonni korroziya deb ataydilar. Korroziya sekin kechadigan, lekin nihoyatda yemiruvchi kimyoviy reaksiyaga misol bo‘la oladi. Korroziya har yili butun jahonda ishlab chiqariladigan metallning deyarli o‘ndan bir qismini yemirib yuboradi. Korroziyaga qarshi maxsus moddalar ishlatiladi.
Ko‘pchilik hollarda, ayniqsa, sanoatda kerakli mahsulotni tezroq olish uchun u yoki bu kimyoviy reaksiyani tezlashtirish kerak bo‘ladi.
Bunday hollarda katalizatorlardan foydalaniladi. Katalizatorlarni sehrli tayoqchaga o’xshatsa bo’ladi: o‘zi reaksiyaga kirishmaydi, lekin reaksiyani ancha tezlashtiradi.
Katalizator reaksiyaga kirishuvchi moddalar bilan bir qancha oraliq birikmalar hosil qilib, reaksiyadan keyin esa miqdori va tarkibi o‘zgarmasdan avvalgi holicha ajralib chiqadi.
Shuningdek, muayyan katalizator yoki katalizatorlar guruhi ma’lum bir turdagi reaksiyani tezlatadi. Shuning uchun har bir kimyoviy reaksiya uchun shunga mos keluvchi katalizator qollaniladi.
Inson turli xil kimyoviy reaksiyalarni o‘rganish va amalga oshirishda doimo tabiatdan o‘mak oladi. Inson ba’zi bir sohada tabiatdan ham o‘zib ketdi. U tabiatda mavjud bo’lmagan ko’pgina moddalarni, masalan, neylon va kapron kabi polimer moddalarni kashf qildi.
Har qanday o’simlik havodagi karbonat angidrid gazini yutib kislorod chiqaradi. Bu jarayonda yashil bargda ko‘pgina qimmatli moddalar hosil boladi. Lekin bu fotosintez jarayoni faqat quyosh nuri yordamida sodir bo’ladi. Kishilar hali laboratoriyalarda fotosintez jarayonini amalga oshirishni o’rganib olganlari yo‘q.
0‘rta asrlarda alkimyogarlar kimyoviy reaksiyalarni ko‘r-ko‘rona o‘tkazar edilar. Ular moddalarni bir-biriga aralashtirib, pirovard natijada nima hosil bo‘lishini bilmasdilar.
Endilikda kimyo aniq fanlar qatoriga qo‘shildi. U matematika va fizika fanlari bilan chambarchas bog’langan. Hozir olimlar muayyan kimyoviy reaksiyaning qanday kechishini, uning uchun qanday sharoit zarurligini va natijada qanday miqdorda qancha mahsulot hosil bo‘lishini oldindan biladilar.