Hikoyalar Yo‘qchilik qursin

Hikoyalar

Hikoyalar Yo‘qchilik qursin

Yo‘qchilik qursin… Rustam ertalab horg‘in kayfiyatda uydan chiqdi. Bugun qayerdan bo‘lmasin, pul topishi kerak. Kichkina qizining oyog‘idagi etigi yirtilib, xuddi och qolgandek og‘zi ochilib qoldi. Ikki kundan beri bog‘chasiga bora olmaydi. Aksiga olib, ishdan bo‘shagandan beri puldan biroz qiynalib qolgan edi.

Bugun dam olish kuni bo‘lgani uchun o‘ylay-o‘ylay bir kunlik ishchilarni yollaydigan (mardikor) bozorga borishga ahd qildi.

Lekin qish bo‘lgani sabablimi, bugun mijozlar kam kelar, adashib bir-ikkitasi kelib qolganda ham, bu yerda anchadan beri ish qiladigan ishchilardan ortmasdi.

Aksiga olib, qor gupillab yog‘ar, sovuq yanada odamning etini junjiktirardi. Bu holatni kuzatar ekan, bir necha kun avvalgi voqeani esladi. Rustam avtomobillarni tuzatadigan ustaxonada ishlar edi.

Unda mashinasini tuzatgan mijozlari hech qachon nolimas, aksincha o’z minnatdorchiligini bildirib ketishardi. Lekin so’nggi payt ustaxona egasi mijozlarga nohaqlik qilayotganini sezib qoldi.

Nainki u, balki ustaxonadagi boshqa ustalar ham xo’jayinlarining mijozlarga narx borasida nohaqlik qilayotganini tushunib turishardi. Ammo hech qaysi usta yurak yutib, bu haqda ustaxona egasiga ayta olmasdi.

Chunki shundoq ham ish topish mushkul bo’lgan vaziyatda, hech kim o’z o’rnini yo’qotgisi kelmasdi. Bora-bora mijozlarning ham qadami qisqardi.

Chunki kim ham tuzatilgan mashina uchun ikki baravar haq to’lab ketishni xohlar edi. Rustam o’zi azaldan nohaqlikka chiday olmasdi. Bu safar ham shunday bo’ldi.

Buning hammasi Rustamning ishdan bo’shashi bilan yakunlandi. Shu voqealarni eslar ekan, hozirgi holatida shu qilgan ishidan afsuslandi. Boisi, mana necha kundir-ki ish topa olmadi, qayerga bormasin, ish o’rni band edi.

Oxir-oqibat mana shu hayollar bilan shu yerda turibdi. Vanihoyat kun peshindan og’ganda, uning omadi kulib boqdi. Bir mijoz bilan kelishib, u bilan birgalikda yana bir ikki ishchi mijozning uyi tomon yo’l olishdi.

Mijoz bir uydan boshqasiga ko’chishi kerak ekan. Yigitlar chaqqonlik qilib ishni tez tugatishdi. Kelishilgan pulni olgandan so’ng, tarqalishni boshlashdi.

Rustam pulga qarar ekan, bu pullar qiziga etik olishga yetmasligini tushunib boshi qotdi. Shu o’ylar bilan ikkilanib turganda, mijozning o’z mashinasini yurg’iza olmay halak bo’layotganini payqab qoldi.

Qilib yurgan ishi emasmi, darrov borib o’z yordamini taklif qildi. Mijoz avval hayron bo‘lib, lekin qarshilik qilmadi.

Rustam biroz ovora bo’lgandan so’ng, mashina egasiga yurg’izib ko’rishni aytdi. Mashina o’t olganini ko’rib, uning xursandchilikdan ko’zi chaqnab ketdi: E qoyil, qanday uddaladingiz? O’zimning mashina tuzatadigan ustaxonam bor.

U yerdagi ustalar uch kundan beri mashinam nega o’chib qilayotganini sababini topisha olmayotgandi. Men o’zi 8 yildan beri mashinalarni tuzataman. Ustaman, – tushuntirganday bo’ldi Rustam. Unaqada bu yerda nima qilib yurgandingiz?

Hikoyalar

– qiziqsindi mashina egasi. Ma’lum bir sabablarga ko’ra ishdan bo’shagandim. Vaziyat shuni taqozo qildi, axir halol mehnat bilan topishni aybi yo’q, – qat’iy gapirdi Rustam. Bo’lmasa bunday qilamiz. Siz ertaga mening ustaxonamga keling, men sizni ishga qabul qilaman,

¬– mashina egasi qog’ozga ustaxona manzilini yozib berdi, so’ngra cho’ntagidan yana pul chiqarib, Rustamga uzatdi. – Bu esa bugungi xizmat haqqingiz! Rustam o’zida yo’q xursand uyiga qaytdi. Eng birinchi oldiga kichkina qizi yugurib chiqdi, biroz chuchuk tili bilan:

Dadajon, menga etik olib keldijmi? Avval salom bermaysanmi qizim? – dedi Rustam va qizining orqasidan chiqib kelib, umidvor qarab turgan ayoliga nigohini qadadi. Assaloleykum, – dadasining qo’li bo’sh ekanligiga ko’zi tushgan qizaloqning kayfiyati tushib ketdi.

Rustam orqasida bekitib turgan narsasini chiqardi. Qizaloqning ko’zlari quvonchdan porlab ketdi: Uyyyyyeeee!!!! Dadam menga etikcha olib kelib beydilaaaa, endi men yana bog’chaga boyaman, – rosa sakrab dadasining bo‘yniga osildi.

Buni ko’rib turgan onasining ham yuzlarida quvonch paydo bo’ldi. Qizaloq darrov dadasining yordamida etikni kiyib oldi, dadasining ikki yuzidan o’pib: Yaxmat dadajon, sizzi yaxshi ko’yaman, – shunday deya akasiga maqtanish uchun ichkariga yugurib ketdi.

Qizining xursandchiligidan zavqlangan Rustamning rafiqasi uning oldiga yaqinlashib: Dadasi, boringizga shukr, rahmat sizga, – minnatdorchilik bildirdi. Rustam ayolini quchib, peshonasidan o’pib gapirdi: – Endi hammasi yaxshi bo’ladi.

Related posts

Leave a Comment